Yangiliklar

Yuklab olish

"Asaka" banki yuqori marralarni zabt etmoqda

“Asaka” banki mamlakatimiz moliyaviy bozorida chorak asrdan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirda bankda transformatsiya jarayonlari ketayotgan bo‘lib, muvaffaqqiyatli faoliyat yuritish, raqobatbardosh, eng asosiysi mijozlarning yuksak ishonchiga sazovor bo‘lish yo‘lida dadil ildamlamoqda.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda jahon bozorida katta talabga ega bo‘lgan, mashhur va istiqbolli uzum navlarini yetishtirish, sanoatbop uzumzorlarni ko‘paytirish, texnik uzum maydonlarini kengaytirish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda “Asaka” aksiyadorlik tijorat banki qoshida bank xodimlari va mutaxassislardan iborat maxsus guruh tashkil etilgan bo‘lib, hududlarda uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish soxasida amalga oshiriladigan loyihalarni tahlil qilish, moliyalashtirish hamda uning tashabbuskorlariga amaliy ko‘mak berishda bosh qosh bo‘lmoqda. “Asaka” banki Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligi bilan hamkorlikda respublikamiz hududlarida intensiv tokzorlar barpo etishni ko‘zda tutuvchi bir qator loyihalar ishlab chiqdi va moliyalashtirmoqda.
“Asaka” banki 2019 yilda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalariga taalluqli 308 ta loyihani qo‘llab-quvvatlab, 12 ming 545 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishida xissa qo‘shdi. Xususan, "Navoiazot" aksiadorlik jamiyatining PVX, metanol va kaustik soda ishlab chiqarish kompleksini qurishga 439,8 million AQSh dollari ajratish ma’qullangan bo‘lib, hozirda 408,3 million AQSh dollari ajratilgan va ushbu loyiha muvaffaqqiyatli amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida joylashgan float oynalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan "KVARS" aksiyadorlik jamiyatiga 36,4 mln. yevro miqdorida kredit berilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungi kunda 4,45 mln. yevro ajratilgan. Ushbu loyihalar kelgusida mamlakatimiz sanoati rivoji uchun xizmat qiladi.

2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, bankning jami aktivlari 34,7 trln so‘mni tashkil etmoqda. O‘tgan yili bu raqam 30,4trln so‘mdan iborat edi. Jami kredit qo‘yilmalar, brutto 26,3 trln so‘mga yetgan. Bank tomonidan chiqarilgan plastik kartochkalar soni hozirda 2 097 210 tashkil etmoqda. Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida o‘rnatilgan bankomatlarning umumiy soni 136 taga yetkazildi. Bu o‘tgan yil bilan taqqoslaganda deyarli ikki barobarga ko‘p demakdir. 80 mingga yaqin yangi omonatchilar jalb qilindi. 41 mingdan ziyod jismoniy shaxslarga kreditlar berildi. Umumiy qiymati qariyb 786 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi loyihalar moliyalashtirildi.

Istiqbolli turli investitsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘plab xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kredit liniyalari jalb qilindi. Rossiyaning Sberbank, Gruziyaning TBS banki va boshqa chet el moliya muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, 2019 yilda qator yutuqlarga erishildi va xalqaro hamkorlik ko‘lami kengaydi. Eng asosiysi sentyabr oyida “Asaka” banki hamda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolandi. Dekabr oyida Yaponiyaning SMBC moliya muassasasi bilan qiymati 100 million AQSh dollari bo‘lgan hamkorlik kelishuvining imzolangani esa 2019 yil chindan ham muvaffaqqiyatli yakunlandi deyishimizga yana bir asos bo‘la oladi.
Bundan tashqari, dekabr oyida “Asaka” banki Savdo va moliyaviy aloqalarni rivojlantirgani uchun JP Morgan Chase bankining, O‘zbekistondagi eng yirik investitsiya loyihasi uchun esa Commerzbank (Germaniya) ning mukofotlariga sazovor bo‘ldi.
Hozirda bank tomonidan mijozlarga - “On layn”, “Avans” , “Yuqori daromad” omonatlari tavsiya etilmoqda. Transformatsiya jarayonlari ketayotgan “Asaka” banki 2020 yilda ham yanada zamonaviy xizmat turlarini ishlab chiqish, kengaytirish va rivojlantirishga harakat qiladi.

“Asaka” ATB Axborot xizmati